1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom 288-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining (keyingi o‘rinlarda-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi) faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘z faoliyatida yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23- sentyabrdagi O`RQ 637-sonli «
Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni va boshqa qonunlariga,O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyruqlari hamda tegishli tartibda ro‘yxatga olingan mazkur Nizomiga amal qiladi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi 106-sonli farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi 140-son
qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi Nizom», Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7 -avgustdagi “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 173-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat umumta’lim muassasasining ixtisoslashtirilgan sinflari, davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi to‘g‘risidagi Nizom”, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 822- sonli qaroriga, Toshkent shahar hokimining 2021-yil 7-iyundagi 673-sonli "Toshkent shahrida 2021-2022- o‘quv yilidan boshlab matematika, kimyo va biologiya, informatika va axborot texnologiyalari, xorijiy tillar hamda fizika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar va sinflar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 2021-yil 3-avgustdagi 02-2/1-1404 sonli xatiga muvofiq tashkil etiladi.
3. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi uzluksiz ta’lim tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, u o‘quvchi yoshlarga I-XI sinflar hajmida davlat ta’lim standartlari asosida fan asoslaridan umumiy o‘rta ma’lumot beruvchi majburiy ta’lim muassasasidir.
4. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi yuridik shaxs hisoblanadi va o‘z nizomiga, mustaqil balansiga, shaxsiy g‘azna hisob varaqlariga (davlat ta’lim muassasasi uchun), bank hisob raqamlariga, o‘z nomi ko‘rsatilgan muhrga (davlat umumta’lim muassasasining muhrida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushiriladi), shtampga va blankalarga ega bo‘ladi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi nomidan shartnomalar tuzish, mulkiy huquqlarga ega majburiyat olish, sud, arbitraj idoralarida da’vogar va javobgar bo‘lish majburiyatini qonun hujjatlariga muvofiq tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi oladi.
5. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining Nizomi nxtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi pedagogik kengashida qabul qilinadi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan tasdiqlanadi va davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
6. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida umumiy o‘rta ta’lim olish bepul amalga oshiriladi.
O‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb yuritiladi) ehtiyojidan kelib chiqib, bolalarning ta’lim-tarbiyasiga ko‘maklashish maqsadida ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida qo‘shimcha pullik ta’lim xizmatlari tashkil etilishi mumkin.
7. O‘quvchining reyting va akademik o‘zlashtirishida tizimli pasayish yuz berganda, ushbu o‘quvchini o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida taqdimnomani tegishli voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalariga kiritadi. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2019-yil 30-sentbrdagi 822-sonli qarori, 40- bandda 7- xatboshi qo‘shilsin).
8. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ta’lim olish tilini tanlash O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimiga kiritilgan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi tasarrufidagi davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Maktabning to‘liq nomi: 288-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi.
10. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining yuridik manzili: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 18 mavzeda joylashgan.
2-bob. Umumiy o‘rta ta’limning maqsadi va vazifalari
11. Davlat ta’lim standartlariga muvofiq har bir shaxsning ta’lim va tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish umumiy o‘rta ta’limning maqsadi hisoblanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim o‘quvchilarga bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi, kasbga yo‘naltirishga va ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.
12. Umumiy o‘rta ta’lim berishda ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quvchilar tomonidan muntazam bilimlar olishini ta’minlash, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirish;
o‘quvchilarda milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, o‘z oilasiga, Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish;
o‘quvchilarning individual ijobiy xususiyatlarini aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning yuksak darajada ta’lim-tarbiya olishlari, ijodiy qobiliyatlarini namoyon qilishlari va rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratib berish.
13. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi umumiy o‘rta ta’limning maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun zarur tashkiliy, o‘quv-uslubiy, moddiy-texnik va psixologik-pedagogik ta’lim-tarbiya muhitini yaratib beradi.
3-bob. Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish
14. Umumiy o‘rta ta’lim boshlang‘ich ta’lim (I-IV sinflar), tayanch o‘rta ta’lim (V-IX sinflar), umumiy o‘rta ta’lim (X-XI sinflar) bosqichlaridan iborat bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.
15. Boshlang‘ich ta’lim (I-IV sinflar) tayanch o‘rta ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim va ko‘nikma asoslarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarini shakllantirishga qaratiladi.
16. Tayanch o‘rta ta’lim (V-IX sinflar) – bilimlarning zaruriy hajmini beradi, mustaqil fikrlash, ta’lim dasturi mazmuniga mos qobiliyat va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Shuningdek, tayanch o‘rta ta’lim o‘quvchilarga yo‘nalishni ixtiyoriy ravishda tanlash asosida Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining X-XI sinflarida yoki akademik litsey va kasb-hunar maktablarida ta’limni davom ettirish huquqini beradi.
17. Maktabning birinchi sinfiga bolalar yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi (O‘RQ 637-sonli qonuni).
18. Boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim va ko‘nikma asoslarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirishga qaratiladi.
19. Tayanch o‘rta ta’lim bilimlarning zaruriy hajmini beradi, mustaqil fikrlash, ta’lim dasturi mazmuniga mos qobiliyat va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
O‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, umumta’lim dasturlarini o‘zlashtirish asosida o‘quvchilarda ijtimoiy hayot uchun zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash, sinflardagi kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltiradi hamda ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.
20. Umumiy o‘rta ta’lim (X-XI sinflar) – umumta’lim dasturlarini o‘zlashtirish asosida o‘quvchilarda ijtimoiy hayot uchun zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash, kompetensiyalarni shakllantirish hamda ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.
Umumiy o‘rta ta’lim – ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi bitiruvchilariga yo‘nalishni ixtiyoriy ravishda ta’limni kollejlar, texnikumlar va Oliy ta’lim muassasasida davom ettirish huquqini beradi.
21. Tibbiy komissiya xulosasiga asosan, bolalarga yakka tartibda uyda ta’lim berish tashkil etilishi mumkin.
22. Umumta’lim muassasasida sinfdan tashqari mashg‘ulotlar va to‘garak ishlari o‘quvchilarning ota-onalari xohish istaklari, o‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyatini hisobga olgan holda o‘tkaziladi.
4-bob. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va uning mazmuni
23. O‘quv yili ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida tegishli yilning 2- sentyabridan kelgusi yilning 25-mayiga qadar davom etadi va to‘rtta chorakka bo‘linadi.
24. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:
o‘quv yilining davomiyligi - 34 hafta (I sinflar uchun 33 hafta);
o‘quv haftasining davomiyligi - 6 kun (pedagogik kengashning qaroriga ko‘ra I sinflar uchun 5 kun etib belgilanishi mumkin);
dars mashg‘ulotining davomiyligi - 45 daqiqa;
dars mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffusning davomiyligi - 5 - 10 daqiqa (o‘quv kuni o‘rtasidagi tanaffusning davomiyligi - 15 - 30 daqiqa).
Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashg‘ulotlari o‘tkazilmaydi.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to‘g‘ri kelib qolgan dars mashg‘ulotlarining mavzulari o‘quv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashg‘ulotlarida o‘tkaziladi.
25. O‘quv yili davomidagi ta’tillarning muddatlari quyidagicha belgilanadi:
kuzgi ta’til – 4-noyabrdan boshlab 6 kalendar kun;
qishki ta’til – 28-dekabrdan boshlab 14 kalendar kun;
bahorgi ta’til – 21-martdan boshlab 7 kalendar kun;
yozgi ta’til – oxirgi yakuniy davlat attestatsiyasi o‘tkazilgan kundan boshlab 1-sentyabrgacha.
Ta’tilning oxirgi kuni bayram (ishlanmaydigan) kunga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, dars mashg‘ulotlari keyingi ish kunidan boshlab davom ettiriladi.
I-sinf o‘quvchilari uchun fevral oyi davomida qo‘shimcha bir haftalik ta’til belgilanadi.
26.Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida yozgi ta’til kunlari kunduzgi oromgohlar va maydonchalar tashkil etilishi mumkin.
27. Belgilangan me’yorlar bo‘yicha tegishli maydonga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining sinflari to‘liqligi 35 nafardan ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
28. Malakali o‘qituvchilar yetarli bo‘lgan quyidagi hollarda sinfdagi o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lib o‘qitishga ruxsat etiladi:
o‘quvchilar soni 25 nafar va undan ziyod bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining I - IX sinflarida Chet tili fani, ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida ixtisoslashgan fanlar, V - IX sinflarda Informatika va Mehnat ta’limi, VIII - IX sinflarda Jismoniy tarbiya, ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining II - IX sinflarida O‘zbek tili fani hamda ta’lim tili rus tili bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining II - IX sinflarida Rus tili fani bo‘yicha.
29. O‘quvchilarning sifatli bilim olishini va ularni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlariga mos holda o‘qitish natijalarini nazorat qilishni ta’minlash maqsadida umumta’lim muassasasida quyidagi nazorat turlari olib boriladi:
joriy nazorat - o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini muntazam ravishda nazorat qilish uchun so‘rovlar, nazorat ishlari yoki testlar ko‘rinishida o‘tkaziladi;
oraliq nazorat - chorak yakunida o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini baholash uchun o‘quv dasturining bir qismi tugaganda amalga oshiriladi va u yozma nazorat ishi yoki testlar ko‘rinishida olib boriladi;
yakuniy nazorat - umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qish tugaganidan so‘ng yakuniy davlat attestatsiyasi shaklida o‘tkaziladi.
Chet tili fanidan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi xalqaro baholash tizimi asosida aniqlanishi mumkin.
o‘quvchining reyting va akademik o‘zlashtirishida tizimli pasayish yuz berganda ushbu o‘quvchini o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida taqdimnomani tegishli voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalariga kiritadi” (Vazirlar mahkamasining 30.09.2019- yil 822-sonli qarori)
30. 9-sinf bitiruvchilari tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi, ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining pedagogik kengashi qarori hamda maktab buyrug‘i asosida, X1 sinf bitiruvchilari esa tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi, pedagogik kengash qarori, TXTB buyrug‘i hamda maktab buyrug‘i asosida yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod etilishi mumkin.
Ularning bilimlarini yakuniy baholash va reytingini aniqlash yillik baholar asosida amalga oshiriladi.
31. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining IX sinfini tugatgan o‘quvchilariga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi shahodatnoma, VIII-IX sinflardagi o‘qishi davrida faqat a’lo ko‘rsatkichlarga va namunali xulqqa ega bo‘lgan, yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchilarga esa a’lo darajali shahodatnoma beriladi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining XI sinfini tugatgan bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestat, X-XI sinflardagi o‘qishi davrida faqat a’lo ko‘rsatkichlarga va namunali xulqqa ega bo‘lgan, yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga esa a’lo darajali attestat beriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining IX sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnoma mavjud, X-XI sinflardagi barcha fanlardan choraklik va yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan XI sinf bitiruvchilariga oltin medal beriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining IX sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnoma mavjud, X-XI sinflardagi barcha fanlardan yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan XI sinf bitiruvchilariga kumush medal beriladi.
5-bob.Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga o‘qishga qabul qilish va tashkil etish
32. Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim muassasasiga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida amalga oshiriladi. Mikrohududdan tashqari hududulardan bo‘lgan bolalar sinflardagi bo‘sh o‘rinlarga tanlov asosida qabul qilinadi ( O‘RQning 637-son qarori 38-modda 4 –xatboshi)
33. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktori va uning o‘rinbosarlari mazkur muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga o‘qishga jalb qilish uchun mas’ul hisoblanadi.
34. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining I sinfiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maktab yoshidagi bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
35. Bolalarni ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining I sinfiga qabul qilish uchun ularning ota-onalari tomonidan quyidagi hujjatlar topshiriladi:
ota-onalar tomonidan ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktori nomiga ariza;
ota-onalarning fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi) nusxasi (doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda turganligi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi haqidagi qayd yozuvi ko‘rsatilgan holda);
bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi, bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma, bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.
36. Bolalarni ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 1- sinfiga qabul qilish “Bolalarni davlat umumta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” asosida amalga oshiriladi.
37. Maktab yoshiga yetgan bolalar ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining I-sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’iy nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.
38. O‘qishga qabul qilinayotgan bolalarning ota-onalari ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi Nizomi, ichki tartib-qoidalari va ta’lim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar bilan tanishtirilishi lozim.
39. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi rahbariyati har yili iyun-avgust oylarida o‘qishga qabul qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur choralarni ko‘radi.
40. Xorijiy fuqarolarni umumta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-bob. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabini tashkil etish tartibi
41. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
42. O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (respublika muassasasi uchun), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining muassislari bo‘lishi mumkin.
43. 288-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ingliz tili fani 5-11-sinflarda chuqurlashtirib o‘qitiladi.
44. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabini akkreditatsiya qilish attestatsiya asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
45. Ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish hamda ota-onalarning murojaatlarini ko‘rib chiqish Komissiyasi tuziladi (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi).
Komissiya tarkibi 5 nafardan kam bo‘lmagan toq miqdorda tashkil etilib, uning tarkibiga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi (ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumta’lim maktab) direktori, tegishli ta’limni boshqarish organi vakili, umumta’lim muassasasi o‘qituvchilari hamda ota-onalarning vakillari kiritiladi.
Farzandlari ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga qabul qilish bo‘yicha sinovda qatnashayotgan shaxslar komissiya tarkibiga kiritilmaydi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi (ixtisoslashtirilgan sinfi mavjud umumta’lim maktab) direktori Komissiya raisi hisoblanadi.
46. Ixtisoslashtirilgan sinflar umumta’lim maktablarida ta’limning
5-sinfidan boshlab ayrim sinflarni ixtisoslashtirilgan sinflarga aylantirish yo‘li bilan ularning umumiy soni doirasida tashkil etiladi.
O‘quv yili tamom bo‘lgandan keyin 4-sinf o‘quvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan tegishli fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovi natijalari ixtisoslashtirilgan sinf tashkil etish mezoni hisoblanadi.
47. Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktablar ta’limning 5-sinfidan boshlab 50 foizdan ortiq sinflarni ixtisoslashtirilgan sinflarga aylantirish yo‘li bilan ularning umumiy soni doirasida tashkil etiladi.
7-bob. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining asosiy vazifalari va funksiyalari
48. Quyidagilar ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining asosiy vazifalari hisoblanadi:
umumiy o‘rta ta’limning chuqurlashtirilgan fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning davlat ta’lim standartlari talablaridan oshadigan chuqur ta’lim tayyorgarligini ta’minlash;
o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish;
har bir o‘quvchining individual xususiyatlarini hisobga olgan holda mustaqil tadqiqotchilik faoliyati ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
professional dastur ta’limlarini ongli tanlash va keyinchalik o‘zlashtirish uchun asos yaratish.
49. Yuklangan vazifalarni bajarish uchun ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
respublika aholisining bolalarni ixtisoslashtirilgan fanni chuqur o‘qitishga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash;
o‘quvchilarning qobiliyatlari, qiziqishlarini hisobga olgan holda umumiy va ixtisoslashtirilgan shaxsga yo‘naltirilgan o‘qitishning ta’lim dasturlarini amalga oshirish;
o‘quvchilarning iqtidori va kamol topishi dinamikasining psixologik-pedagogik diagnostikasini amalga oshirish;
ta’limning uzviyligi va uzluksizligi asosida intensiv intellektual rivojlantirishni, chuqurlashtirilgan ixtisoslashtirilgan o‘qitishni ta’minlash;
asosiy va qo‘shimcha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va ular integratsiyasini amalga oshirish, loyihadagi o‘qitishga o‘tgan holda ta’lim jarayonini individuallashtirish va tabaqalashtirish;
ta’lim jarayoniga innovatsiya, pedagogika va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
o‘quvchilarning ma’lumoti darajasi oshishiga, samarali tayyorlanishiga, oliy ta’lim muassasasiga kirishiga yordam beradigan shart-sharoitlar yaratish;
o‘quvchilarning respublika va xalqaro seminarlar, konferensiyalar, festivallar va boshqa intellektual-ijodiy tadbirlarda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
iqtidor va iste’dodni aniqlash hamda kamol toptirish bo‘yicha o‘quvchilarni fan olimpiadalari, tanlovlar va boshqa tadbirlarda qatnashishga tayyorlash;
o‘quvchilarning ilmiy guruhlarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
8-bob. Ixtisoslashtirilgan sinf va ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish
50. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish, o‘qitishning qancha davom etishi va muddatlari o‘quv rejalari, dasturlar, kalendar o‘quv jadvali, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli normativ hujjatlari va umumta’lim muassasasining Nizomi bilan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test Markazi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining qabul kvotasini belgilaydi.
51. Ta’lim jarayoni ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan maktablarda 5-11-sinflarning maxsus o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha tashkil etiladi.
O‘quvchilarni 1-sinfdan boshlab o‘qishga qabul qiladigan umumta’lim muassasasida fanlarni chuqur o‘rganish 5-sinfdan boshlanadi.
52. 5-11-sinflarda o‘quv-tarbiya jarayoni iqtisosli fanlarning asosiy kursining chuqurlashtirilgan mazmuni o‘rganilishini va ularning amaliy yo‘naltirilganligi kuchaytirilishini, shuningdek o‘quvchilar shaxsi, ularning mayllari, manfaatlari va ijtimoiy jihatdan o‘zlarini belgilashga qobiliyatlari qaror topishi va shakllanishining shart-sharoitlarini ta’minlaydi. Bunda o‘quvchilarning individual xususiyatlari va iste’dodi namoyon bo‘lishi va rivojlanishi dinamikasi o‘rganiladi.
53. Ta’limning mazmuni mayllar va shakllangan manfaatlar hisobga olingan holda kasb-hunar ta’limi dasturlarini, bilimlarning alohida sohalarini ongli ravishda tanlash va o‘zlashtirishga tayyor bo‘lgan har tomonlama intellektli, tadqiqot mehnati ko‘nikmalariga ega bo‘lgan shaxsni shakllantirishga yo‘naltiriladi.
54. Ta’lim jarayoni shaxsga yo‘naltirilgan yo‘nalishga ega bo‘ladi, o‘quv-tarbiya jarayonining har xil turlariga an’anaviy va noan’anaviy yondashish birga qo‘shib olib boriladigan o‘qitish va tarbiyalashning ixcham shakllarining keng doirasiga ega bo‘ladi.
55. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi sinflari soni ta’lim jarayonini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan sanitariya normalari va qoidalariga qarab belgilanadi.
56. Ixtisoslashtirilgan sinflarda o‘quvchilar soni 30 kishidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
57. Laboratoriya ishlari va amaliy ishlarni bajarish, shuningdek ayrim fanlarni chuqur o‘rganish uchun sinflarni ixtisoslashtirilgan fanlar bo‘yicha o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lishga yo‘l qo‘yiladi.
58. Keyingi sinflarga o‘tkazish va o‘qitish bosqichlari O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan muddatlar va tartibda o‘quvchilar bilimlarining yakuniy attestatsiyasi natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi.
59. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi bitiruvchilariga umumiy o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi.
9-bob. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining huquqlari va javobgarligi
60. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
fanlarni chuqur o‘rganish bo‘yicha mualliflik o‘quv dasturlarini O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi bilan kelishgan holda mustaqil ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan bazaviy o‘quv rejasi asosida maxsus o‘quv rejasini ishlab chiqish va uni O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi bilan kelishgan holda tasdiqlash;
yillik kalendar o‘quv jadvali va mashg‘ulotlar jadvalini ishlab chiqish;
ta’lim va tarbiyaning qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan turli shakllari, vositalari va usullarini qo‘llash;
o‘z Nizom faoliyatini amalga oshirish uchun moliyaviy mablag‘lar va moddiy resurslarning qo‘shimcha manbalarini jalb etish;
ta’lim olayotganlarni oraliq attestatsiyadan o‘tkazish shakllari, tartibi va davriyligini mustaqil tanlash.
61. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi belgilangan tartibda:
o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi;
ta’lim sifati hamda o‘quv rejasi va o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq ta’lim dasturlari to‘liq hajmda amalga oshirilishi;
ta’lim jarayonini tashkil etishning qo‘llanilayotgan shakllari, usullari va vositalarining o‘quvchilarning yoshi bilan bog‘liq psixofiziologik xususiyatlari, mayllari, qobiliyatlari, qiziqishlariga, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish talablariga muqobilligi;
o‘quvchilarning moslashishi va o‘zlashtirishi;
o‘quvchilar va xodimlarning huquqlariga rioya qilinishi uchun javob beradi.
10-bob. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi faoliyatini tashkil etish va boshqarish
62. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor bevosita rahbarlik qiladi.
63. Direktorga nisbatan quyidagi asosiy malaka talablari qo‘yiladi:
ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan sinflar va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun — ta’lim sohasida kamida 5 yil pedagoglik va 10 yil umumiy ish staji mavjudligi;
davlat tilini bilish;
tashkilotchilik qobiliyati, ijodiy tafakkurga egalik, bolalar va katta yoshdagilarning yosh va shaxs bilan bog‘liq psixologiyasini bilish;
kompyuter texnologiyalarini va o‘quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallaganlik;
umumta’lim dasturlari va o‘quv qo‘llanmalari yaratishda metodik ishlanmalar va tajriba mavjudligi.
64. Direktor ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi nomidan ish ko‘radi, uning manfaatlarini ifodalaydi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi mol-mulkini tasarruf etadi va shartnomalar tuzadi.
65. Direktor:
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi hamda unga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
o‘z o‘rinbosarlari vakolatlarini belgilaydi, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning javobgarligi darajasini belgilaydi;
o‘z vakolatlari doirasida ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
xalq ta’limi tegishli organlari ko‘rib chiqishi uchun moddiy-texnika bazani mustahkamlash, o‘quv-tarbiya ishlarini takomillashtirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash va ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi faoliyatining boshqa masalalari bo‘yicha takliflar kiritadi;
pedagog xodimlar va boshqa xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi;
o‘quvchining reyting va akademik o‘zlashtirishida tizimli pasayish yuz berganda, ushbu o‘quvchini o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida taqdimnomani tegishli voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalariga kiritadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
66. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktori attestatsiyasi belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
67. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida pedagogika, metodika va kuzatuv kengashlari tuziladi va faoliyat ko‘rsatadi. Ularning faoliyati tartibi O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
68. O‘quvchilar, ota-onalar yoki ota-onalarning o‘rnini bosuvchi shaxslar, pedagog xodimlar va boshqa xodimlar ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi ta’lim jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari bepul umumiy o‘rta ma’lumot olish, tibbiy xizmatdan foydalanish, turli tadbirlarda (konferensiyalar, olimpiadalar, ko‘rgazmalar va tanlovlarda) qatnashish huquqiga egadirlar.
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining Nizomiga va ichki tartib-qoidalariga, shuningdek sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilishi shart.
69. Pedagog xodimlarga o‘quv yuklamasi hajmi (pedagogik ish hajmi) o‘quv rejasi bo‘yicha soatlar sonidan, shuningdek kadrlar bilan ta’minlanganlik bo‘yicha belgilanadi.(Xalq ta’limi vazirligi, moliya vazirligi hamda sog‘liqni saqlash vazirliklarining qarori bilan tasdiqlangan umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartib to‘g‘risidagi nizom adliya vazirligida 3271-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi)
70. O‘quv yili boshida belgilangan o‘quv yuklamasi hajmi o‘quv yili mobaynida o‘zgartirilishi mumkin emas, o‘quv rejalari bo‘yicha soatlar soni kamayishi yoki sinflar soni qisqarishi hollari bundan mustasno.
71. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi pedagogik jamoa a’zolari o‘qitish yo‘nalishlari (tabiiy, aniq, gumanitar, ijtimoiy va boshqa fanlar) bo‘yicha uslubiy birlashmalarga birlashadilar.
11-bob. O‘quvchilar sog‘lig‘ini muhofaza qilish
72. O‘quvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga tibbiyot muassasasi tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari maktab rahbariyati va pedagog xodimlar bilan bir qatorda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena talablariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifatiga, o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikni o‘tkazish va sog‘lomlashtirish uchun mas’uldirlar.
73. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus joy, mebel va tibbiy jihozlar, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar) yaratib beriladi.
74. Kasallikning vaqtli diagnostikasi va profilaktikasi maqsadlarida har bir o‘quv yili boshida ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining o‘quvchilari dispanser ko‘rigidan (to‘liq tibbiy ko‘rikdan) o‘tkazilishi kerak. Rivojlanishning salbiy ko‘rsatkichlari aniqlangan taqdirda o‘quvchilar tibbiy komissiyaning tavsiyasiga ko‘ra yashash joyidagi umumta’lim muassasasiga o‘tkaziladi (VMning 173-sonli qarori).
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchilarini har yilgi to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
75. O‘quvchilarni individual psixologik-pedagogik jihatdan qo‘llab-quvvatlash ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining psixologiya, pedagogika xizmati mutaxassislari tomonidan ta’minlanadi.
76. Og‘zaki nutq nuqsonlari va tovush talaffuzida kamchiliklari bo‘lgan o‘quvchilarga korreksion-logopedik yordam berish maqsadida ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida o‘qituvchi-logopedlar (defektologlar) faoliyat yuritadigan logopediya shahobchasi tashkil etilishi mumkin.
12-bob. Pedagog kadrlar bilan ta’minlash
77. Tegishli oliy ma’lumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish sud hukmiga asosan man etilgan shaxslarning umumta’lim muassasasida bu faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
78. Pedagog kadrlar belgilangan tartibda malaka oshirish kurslariga jalb etiladi, ularni qayta tayyorlash vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 -yil 25-yanvardagi PQ-4963-sonli “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori va O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 -yil 17 -yanvardagi 25-sonli “Xalq ta’limi uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Qaroriga ko‘ra “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasi orqali har bir pedagog xodim har yili ishdan ajralgan holda yoki masofaviy malaka oshirishi zarur.
79. O‘quv-tarbiya jarayoniga boshqa ta’lim muassasasining o‘qituvchilari, ilmiy tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etilishi mumkin hamda ushbu muassasaning barcha huquqlari, majburiyatlari va imtiyozlari ularga joriy etiladi.
80. Pedagog kadrlarni ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga ishga qabul qilish oliy yoki birinchi malaka toifasi mavjud bo‘lgan taqdirda oliy pedagogik ma’lumotli shaxslar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi. Tanlovni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
81. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘qituvchilarining (o‘quv fanlari va soatlari bo‘yicha) vazifasini vaqtincha bajarib turish hamda xodimlarining sinfdan tashqari faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
82. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi rahbariyati o‘qituvchilarning obro‘-e’tibori va ijtimoiy maqomini, ularning mas’uliyati va kasb mahoratini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishli ishlarni amalga oshiradi, ularning tizimli ravishda malaka oshirishlari va o‘z ustida ishlashlari, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek yangi o‘quv dasturlari joriy etilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
13-bob. Ta’lim jarayoni ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
83. Quyidagilar ta’lim jarayoni ishtirokchilari hisoblanadi:
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining o‘quvchilari (keyingi o‘rinlarda o‘quvchilar deb yuritiladi);
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining pedagoglari (keyingi o‘rinlarda o‘qituvchilar deb yuritiladi);
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining ma’muriyati (direktor, direktor o‘rinbosarlari);
o‘quvchilarning ota-onalari.
84. O‘quvchilarning huquqlari:
davlat standartlariga muvofiq ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida bepul ta’lim olish;
o‘z insoniy qadr-qimmatlarining hurmat qilinishi, vijdon va axborot erkinligini his qilishi, o‘z qarashlari va e’tiqodlarini erkin ifoda etishi;
turli xil ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish, seminarlar, anjumanlar, olimpiadalar, ko‘rgazma va tanlovlarda ishtirok etish;
qo‘shimcha (pullik va bepul) ta’lim xizmatidan foydalanish;
qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
85. O‘quvchilarning burchlari:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, odob-axloq qoidalariga rioya qilish, respublikaning munosib fuqarosi bo‘lish, O‘zbekiston Respublikasining gerbi, bayrog‘i va madhiyasini bilish va hurmat qilish, ular bilan bog‘liq bo‘lgan marosimlarni ado etish;
davlat ta’lim standartlari hajmida umumiy ta’lim olish uchun intilishlari;
maktabga belgilangan dars jadvali asosida o‘z vaqtida kelishi, barcha darslarda ishtirok etishi, sababsiz dars qoldirmasligi;
o‘quv jarayoni uchun kerak bo‘lgan barcha jihozlarni, kundalik daftari, darslik, o‘quv qo‘llanmalari, daftarlarini to‘liq olib kelishi;
ushbu Nizomda belgilangan o‘quvchi formasida ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasiga kelishi;
o‘qituvchilar tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishi;
o‘z bilimi va amaliy ko‘nikmalarini mustaqil ravishda oshirishi va mustahkamlab borishi;
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi va jamoat topshiriqlarini bajarishda faollik ko‘rsatishi;
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi va jamoat mulkini asrab-avaylashi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Republikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi 139-sonli qarori;
Toshkent shahar hokimining 2015-yil 18-fevraldgi “Toshkent shahrida internet tarmoqlari va kompyuter orqali xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik sub’ektlarining faoliyatini muvofiqlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
146-sonli qarorida belgilangan talablarni bajarishi;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2022-yil 28-iyuldagi 246- sonli “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari” to‘g‘risidagi buyrug‘ini bajarishi;
86. O‘qituvchilar:
o‘zi dars beradigan fanini yaxshi bilishi va yetarli kasbiy mahoratga ega bo‘lishi;
axloq-odob qoidalariga rioya qilish, o‘quvchilarning xatti-harakatlaridan xabardor bo‘lish;
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi obro‘si, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida faollik ko‘rsatish;
kasbiy pedagogik mahoratini doimo takomillashtirib borishi, ta’lim oluvchilarning o‘quv dasturlarini davlat ta’lim standartlari darajasida o‘zlashtirishlarini ta’minlash;
o‘quvchilar shaxsini hurmat qilishi va ularni zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlaridan himoya qilishi;
o‘quvchilarni mavjud qonunlarga, mehnatga, ota-onalarga, ma’naviy, tarixiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida hamda biri-birini hurmat qilish, ahillik va inoqlik ruhida tarbiyalashi;
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi Nizomi, ichki tartib qoidalarida belgilangan kiyinish madaniyati talablariga amal qilishi;
mashg‘ulot o‘tkazishga o‘z vaqtida va sifatli tayyorgarlik ko‘rishi;
belgilangan muddatlarda yoki malaka oshirishga ehtiyoj tug‘ilganda malaka oshirish institutlarida o‘z kasbiy mahoratlarini oshirishi.
Pedagogik kengash, metodik kengash va metod birlashmalarning faoliyatida va boshqa shakldagi uslubiy tadbirlarda ishtirok etishi;
Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi pedagogik kengashi ishida faol ishtirok etishi;
o‘quvchilarning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan doimiy aloqada bo‘lishi;
mazkur Nizom hamda Xalq ta’limi vazirining 2022-yil 28-iyuldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-ahloq qoidalari” to‘g‘risidagi 246-sonli buyrug‘ida belgilangan ichki tartib-qoidalar va kiyinish madaniyati talablariga amal qilishlari;
Maktab ma’muriyati:
O‘quvchining reyting va akademik o‘zlashtirishida tizimli pasayish yuz berganda, ushbu o‘quvchini o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida taqdimnomani tegishli voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalariga kiritish.
87. Ota-onalarning huquqlari:
o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlari uchun ta’lim shakllari, ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi turi va o‘qitish tilini tanlashi;
ta’lim muassasasi ma’muriyatidan maktab Nizomi asosida shart-sharoitlarni yaratish, bolaga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni talab qilishi;
ta’lim muassasasida o‘quvchilarning manfaatlariga taalluqli masalalar muhokama qilinayotganda, ushbu muhokamada qatnashishi;
ta’lim muassasasi faoliyatini boshqarishda qonunda belgilangan tartibda ishtirok etishi.
88. Ota-onalarning majburiyatlari:
farzandining aqlan, jismonan va ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi;
farzandining qadr-qimmatini hurmat qilishi, bolada mehnatsevarlik, yaxshilik, muruvvat tuyg‘ularini, Davlat tili va Ona tiliga, madaniy qadriyatlarga nisbatan hurmat fazilatlarini va muomala madaniyatini tarbiyalashi;
ta’lim muassasasiga Nizomda belgilangan maktab formasiga rioya qilgan holda kelishini;
darslarga o‘z vaqtida dars jadvali asosida kechikmasdan kelishini ta’minlashi;
o‘quv-qurollari, darsliklari, kundalik daftarlarining o‘rnatilgan tartibda yuritilishini nazorat qilishi;
uzrli sabab bilan darslarga qatnashmaganda kasalligi sababini ko‘rsatuvchi tibbiyot ma’lumotnomasini taqdim etishi;
fanlar bo‘yicha belgilangan DTS talablarini o‘zlashtirishini nazorat qilishi;
farzandining ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi.
Farzandining ta’limi va tarbiyasida salbiy o‘zgarishlar vujudga kelganda, maktab rahbariyati tomonidan belgilangan kunda maktabga o‘z vaqtida yetib kelishi mazkur Nizom hamda Xalq ta’limi vazirining 2022-yil 28-iyulldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari” to‘g‘risidagi 246- sonli buyrug‘ida belgilangan ichki tartib-qoidalar va kiyinish madaniyati talablariga amal qilishlarini ta’minlash;
89. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining direktori, direktor o‘rinbosarlarining huquq va majburiyatlari xalq ta’limi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi.
14-bob. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari va o‘qituvchilari kiyinishiga qo‘yiladigan talablar
Xalq ta’limi vazirining 2022-yil 28-iyuldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari” to‘g‘risidagi 246- sonli buyrug‘i
90. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun yagona maktab formasi hukumat qarori asosida Pedagogik kengash tomonidan belgilanadi.
91. O‘quvchilar tomonidan yagona maktab formasini kiyishda quyidagi talablarga rioya etilishi lozim:
qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5-15 santimetr pastda bo‘lishi;
kiyimning o‘ta tor yoki o‘ta keng bo‘lmasligi;
oq kofta yoqali, yengi tirsakdan (qishda yengi uzun), turli bezaklarsiz bo‘lishi;
o‘g‘il bolalar uchun shimning uzunligi oyoq to‘pig‘idan pastda bo‘lishi;
oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi;
ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarining qadalgan bo‘lishi;
kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi.
92. O‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno.
93. O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ta’lim muassasasi hududida har bir o‘quvchi o‘z uyali aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yishi, pedagog va texnik xodimlar hamda tashrif buyuruvchi boshqa shaxslar o‘z uyali aloqa vositalari qurilmalarini chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi (“ovozsiz” holatga o‘tkazishi) shart.
Shuningdek, ta’lim muassasasida:
o‘g‘il bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan yoki yorqin ranglarga bo‘yalgan holda kelishlariga;
qiz bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
94. O‘quvchilarning maktabga maktab formasida kelishlarini ta’minlash uchun ota-onalar mas’ul hisoblanadi.
95. Umumta’lim maktabida o‘quvchilar tomonidan maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilinishi maktab rahbariyati, sinf rahbarlari va pedagog xodimlar tomonidan nazorat qilib boriladi.
96. Pedagog xodimlar maktab binosi ichida bosh kiyimsiz, klassik-rasmiy uslubdagi kiyim va pardoz (erkaklar: kostyum-shim va galstuk, oq (yoki oqish) rangdagi ko‘ylak, soch va soqol olingan; ayollar: kostyum-yubka, oq (yoki oqish) rangdagi kofta, soch turmaklangan, o‘ta qimmatbaho zeb-ziynatlarsiz)da yurishlari lozim.
15-bob. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining mol-mulki va moliya-xo‘jalik faoliyati
97. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining faoliyatini moliyalashtirish belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
98. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga qo‘shimcha byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish byudjetdan moliyalashtirish pasayishiga olib kelmaydi.
99. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi xodimlarining shtatdagi soni umumta’lim maktabining namunaviy shtatlariga muvofiq belgilanadi.
100. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘z Nizomida belgilangan maqsadlarga muvofiq doirada tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
101. Ruxsat berilgan faoliyatdan olingan daromad hisobiga sotib olingan mol-mulk ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining balansida hisobga olingan mol-mulk tarkibiga kiritiladi.
16-bob. Yakunlovchi qoidalar
102. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi qonun hujjatlariga muvofiq ta’lim masalalari bo‘yicha xalqaro faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.
103. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabini qayta tashkil etish va tugatish muassisning qarori bo‘yicha yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshiriladi.
104. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabini qayta tashkil etish yoki tugatish o‘quv yili tamom bo‘lgandan keyin amalga oshiriladi. Bunda tegishli ta’limni boshqarish organi o‘quvchilarning ota-onalari yoki ota-onalarning o‘rnini bosadigan shaxslar bilan kelishuv bo‘yicha o‘quvchilarning boshqa maktabga o‘tkazilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
Mazkur Nizom 288-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi pedagogik kengashning 2023-yil 18-maydagi navbatdan tashqari 5/2-sonli yig‘ilishida qabul qilingan.