Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 14-ноябрь 2024, 21:04
 Bosh sahifa  Mobile versiya

288 - sonli umumta’lim maktabimizda 2022 - 2023 o‘quv yili uchun maktab formasi



O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI

DAVLAT UMUMIY O‘RTA TA’LIM MUASSASALARI O‘QUVCHILARINI ZAMONAVIY YAGONA MAKTAB FORMASI BILAN TA’MINLASHNING QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, salomatliklarini muhofaza qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, ularni ma’naviy va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 15-avgustdagi 666-son qarori bilan:
a) davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasining shakllari;
davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi tasdiqlanganligi;
b) 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarning davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab esa majburiy hisoblanishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun maktab formasini to‘liq joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar hududlar kesimida 2022/2023 o‘quv yilida davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun maktab formalariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlasin.
4. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
2022-yil 10-iyunga qadar maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni belgilashda ularning texnologik jihatdan ishlab chiqarish imkoniyatlari va hududiy joylashuvini (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududida) inobatga olgan holda, maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ro‘yxatini hududlar bo‘yicha shakllantirish;
2022-yil 1-avgustga qadar hududlar bo‘yicha maktab formalarini ishlab chiqarishni tashkil etish tavsiya etilsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
qonunchilikda belgilangan tartibda kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar farzandlari uchun maktab formasini mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Eshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan sotib olinishida ko‘maklashishni ta’minlasin;
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2022-yil 10-avgustdan boshlab maktab formasi savdosini tashkil qilish maqsadida respublikaning har bir tuman (shahar) markazida aholiga qulay joylarda, maktab yarmarkalarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shoxobchalarini tashkil etsin va ularning joylashish manzillarini ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 15-avgustdagi 666-son qaroriga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati, maktab formasi joriy qilinishining o‘quvchilar o‘rtasida ijtimoiy tenglikni mustahkamlashga va sifatli ta’lim-tarbiya olish uchun sharoit yaratishga xizmat qilishi ommaviy axborot vositalarida, jumladan, ijtimoiy roliklar orqali muntazam va keng yoritish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri B.O. Saidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2022-yil 19-may,
271-son