Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 15-ноябрь 2024, 15:39
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Xalq ta’limi vazirligida bola huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari muhokama etildi


Joriy yilning 26 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tashabbusi bilan Xalq ta’limi vazirligida Bolalar masalalari bo‘yicha Milliy komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Unda bola huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bolalar masalalari bo‘yicha milliy va hududiy komissiyalarning faoliyati, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash hamda oilaviy bolalar uylarining tashkil etilishi holatlari muhokama etildi.

Tadbirda Bolalar masalalari bo‘yicha Milliy komissiya hamraisi, Vazirlar Mahkamasining Bolalarni himoya qilish masalalari shoʻbasi mas’ul xodimlari, Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari, Milliy gvardiya vakillari hamda viloyat hokimi o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Bola huquqlarini himoya qilish Milliy komissiyaning har bir a’zosi, shu bilan birga har bir vazirlikning vazifasi ekanligini Davlatimiz rahbari Farmonida bilan belgilab berilganligini ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladigan mu.maktab.uz platformasi yaratilgani alohida qayd etildi.
Ayni vaqtda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning “onlayn-navbat” tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kun holatiga 486 nafar uy-joyga muhtoj bo‘lgan bolalar onlayn navbatga qo‘yilgan.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning 2022 yil 29 aprelda “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qarorga muvofiq 2022 yil 1 iyuldan boshlab oilaviy bolalar uylariga Davlat byudjetidan mablag‘ ajratishning tartibi joriy etiladi. Endilikda hududiy hokimliklar ushbu mablag‘larni belgilangan tartibda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishi kerak. Lekin bu borada hokimliklar juda sust harakat qilishmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda “Mehr daftari” platformasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi va Milliy gvardiya tomonidan Mehr daftari platformasiga tuman (shahar) bolalarni himoya qilish shoʻbalari tomonidan zarur ma’lumotlar kiritilishi nazoratga olinganligi ta’kidlab o‘tildi. Shu bilan birga, “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu jamg‘armaga 22,4 mlrd. so‘m mablag‘ kelib tushgan.
Tadbirda ijtimoiy tarmoqlar orqali bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning turli shakllari qo‘llanilayotganligi, afsuski, oilada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, ijtimoiy norma hisoblanib qolayotganligi, zo‘ravonlikning oldini olish, bolalarga nisbatan qo‘llanilayotgan zo‘ravonlikka nisbatan tizimli va jamoaviy murosasizlikni borasidagi ishlarni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Tadbir so‘ngida hududiy komissiyalarning faoliyati muhokama qilindi. Shu bilan birga bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar berildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi