So‘nggi yillarda yurtimizda, Hurmatli Prezidentimizning bevosita rahbarliklarida ta'lim tizimida keng islohotlar olib borilmoqda.Milliy dastur asosida yangi maktablar qurilmoqda, yangi o‘quv dasturlari, ular asosida zamonaviy darsliklar yaratilmoqda, muallimlarimizning malakasi hozirgi talablar asosida oshirilmoqda.
Bu ishlarning barchasi ta'limdagi muammolarni bartaraf etib, uning sifatini yangi darajaga olib chiqishga va natijada dunyo yangiliklarini tez qabul qiladigan, kezi kelganda tengma-teng bahslasha oladigan yangi avlodni tarbiyalashga qaratilgan.
Maktabda yoshlarimizga ta'lim berish bilan bir qatorda, ularni har tomonlama tarbiya qilish ham bugungi dolzarb masalalardan biridir.
Zero, har bir bola maktab yoshida harakatlari orqali o‘z individualligini namoyish etishga intiladi. Lekin maktab quchog‘ida o‘quvchi o‘zligini faqat bilimi va odobi bilan ko‘rsatishi zarur.
Aks holda boshqalardan ajralib turishga intilish, kiyinishdagi o‘ziga xoslik natijasida kim o‘zarga o‘tib ketishi
va bu omil o‘quvchining bilim olishiga keskin salbiy ta'sir ko‘rsatishi olimlar tomonidan ilmiy jihatdan isbotlangan.
Shundan kelib chiqib, maktab formasi qator rivojlangan mamlakatlarda ham joriy etilganini qayd etish zarur.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 maydagi 271-son qaroriga asosan yangi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etish belgilangan.
Bundan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, ijtimoiy tenglikni ta'minlashdan iborat.
Aytish joizki, maktab formasi masalasida bir kunda qaror qabul qilingani yo‘q. Bunga uzoq muddatli o‘rganish va tahlillar, xususan, 2018 yildan boshlab ko‘plab maktablarda o‘tkazilgan tajriba-sinov jarayonlari asos bo‘lgan.
Maktab formasi dizayni bir necha variantlar orasidan tanlanib, sanitariya qoidalari va gigiyena normativlariga mosligi bo‘yicha to‘qimachilik mahsulotlari uchun belgilangan sifat talablariga muvofiqligi qat'iy nazoratga olingan.
So‘nggi kunlarda keng jamoatchilik tomonidan maktab o‘quvchilari uchun yagona maktab formasini joriy etilishi muhokama bo‘lmoqda va turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.
Barchamizga ma'lumki, inson qadrini ulug‘lash, ochiqlik tamoyili Yangi O‘zbekistonning bosh maqsadi hisoblanadi.
Shu bois hurmatli ota-onalarimizning va keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari, takliflari asosida quyidagilarni ma'lum qilamiz.
Birinchidan, moslashuv jarayoni uchun ma'lum vaqt kerakligini inobatga olib, yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.
Ya'ni, yangi o‘quv yili 2022 yil sentyabrь oyidan boshlab ota-onalar yagona formani xarid qilishiga majburiy talab qo‘yilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga nisbatan hech qanday e'tirozlar bildirilmaydi.
Ikkinchidan, milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib,
o‘quvchi-qizlarimizning maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishlari ma'n etilmaydi.
Uchinchidan, o‘quvchi-qizlarning liboslari, ya'ni yubka va kofta yenglarining uzunligi borasida ham ayrim tushunmovchiliklar bo‘lmoqda.
Ta'kidlash joiz, tasdiqlangan o‘lchamlarda eng minimal uzunlik belgilangan. Ya'ni o‘quvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan o‘lchamdan kalta bo‘lishi mumkin emas.
To‘rtinchidan, mahalliy hokimliklar tomonidan kam ta'minlangan oilalarga mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga ko‘mak beriladi.
Shuningdek, ota-onalarimizga alohida ta'kidlab o‘tmoqchi edim, maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish bo‘yicha maktab ma'muriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.
Maktab formasi savdosi avgust oyidan boshlab har bir tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida tashkil etiladi.
Xalq ta'limi vazirligi ota-onalar va o‘quvchilarning maktab formasi dizayni va sifati bo‘yicha har qanday takliflarini ko‘rib chiqishga va birgalikda yagona forma dizaynlarini takomillashtirib borishga tayyor ekanligini ma'lum qiladi.
Shu bilan birga hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda joriy o‘quv yilidan boshlab o‘qituvchilar uchun ham yagona forma joriy etilayotganligi haqida hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma'lumotlar tarqalmoqda.
Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘qituvchilar uchun bunday talab joriy etilmaganligini, bu oddiy “feyk” xabar ekanligini qat'iy ta'kidlab o‘tmoqchiman.
O‘z navbatida, Vazirlik tomonidan tez orada Matbuot anjumani tashkil etilishi, unda xalq ta'limi tizimidagi islohotlar va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma'lumot berilishi rejalashtirilgan hamda mazkur tadbirda barcha masalalar, xususan maktab formasi bo‘yicha atroflicha axborot beriladi.
Baxtiyor Saidov,
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri