🔰Hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, mamlakatimizdagi umumta’lim muassasalari reytingini aniqlash jarayoniga oid nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovnomalarni o‘tkazish tartibi belgilandi.
Bunga ko‘ra, malakali mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirokida maktablar reytingini aniqlashga doir kreativlik va mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan nazorat materiallari hamda so‘rovnoma savollari tayyorlangan.
🏫 Xabaringiz bor, 2022-yil 21-dekabrda sobiq Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va vazirlik tomonidan baholash reytingida ishtirok etuvchi 1001 ta, jumladan:🟢Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi — 70 ta;
🟢Andijon viloyatidagi — 75 ta;
🟢Buxoro viloyatidagi — 52 ta;
🟢Farg‘ona viloyatidagi — 95 ta;
🟢Jizzax viloyatidagi — 56 ta;
🟢Namangan viloyatidagi — 71 ta;
🟢Navoiy viloyatidagi — 37 ta;
🟢Qashqadaryo viloyatidagi — 121 ta;
🟢Samarqand viloyatidagi — 127 ta;
🟢Sirdaryo viloyatidagi — 31 ta;
🟢Surxondaryo viloyatidagi — 95 ta;
🟢Toshkent shahridagi — 33 ta;
🟢Toshkent viloyatidagi — 86 ta;
🟢Xorazm viloyatidagi — 52 ta maktab qur’a tashlash yo‘li bilan tanlab olingan.
📊 Joriy yilning 20-may kuniga qadar vazirlikning hududiy bo‘linmalari hamkorligida mazkur ta’lim muassasalari o‘quvchilari va o‘qituvchilari ishtirokida ijtimoiy so‘rovnoma va nazorat ishlari o‘tkaziladi.
O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, joriy yildan boshlab baholash reytingida nodavlat ta’lim tashkilotlari ham ishtirok etishlari ko‘rsatib o‘tilgan.
🌐Baholash jarayonlarini adolatli va shaffof o‘tkazilishini nazorat qilish vazirlikning mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, shaffoflikni to‘la ta’minlash maqsadida bir nafar ota-onalar vakili kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi. Nazorat ishlarini o‘tkazish jarayonlari to‘liq video tasvirga olinadi hamda 1 yil davomida saqlanishi ta’minlanadi.
Nazorat ishlari ona tili va adabiyoti, matematika va kimyo fanlaridan o‘tkaziladi.
Shu bilan birga o‘quvchilar va o‘qituvchilar ishtirokida ijtimoiy so‘rovnomalar tashkil etiladi.
O‘quvchilarga ona tili va adabiyot hamda matematika-kimyo fanlaridan test savollarini yechish uchun 100 daqiqa, o‘qituvchilarning bilimini tekshirish maqsadida tegishli fanlarga oid o‘tkaziladigan test savollarini yechishga 20 daqiqa vaqt ajratiladi. So‘rovnoma savollariga javob berish uchun o‘quvchilarga 10-15 daqiqa, o‘qituvchilarga 20-25 daqiqa vaqt beriladi.
Umumta’lim muassasalari milliy reytingi o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma va nazorat ishlari natijalari hamda reytinga aloqador ma’lumotlar tahlil qilinadi.
Tahlil natijalari asosida 2022-y yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) kesimida umumta’lim muassasalarining reytingi hamda tuman va shaharlarning ta’lim sifati bo‘yicha reytingi tayyorlandi hamda yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin ommaga e’lon qilinadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati