Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 15-ноябрь 2024, 20:29
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilaridan o'z vaqtida pasport (id karta) olishlarini so'raydi

Ma’lumki, abituriyentlarning oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tegishli hujjatlarni onlayn topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini ABITUR elektron dasturiga kiritish talab etiladi. Shuning uchun 16 yoshga to‘lgan har bir bitiruvchi o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishi zarurligini eslatib o‘tamiz. Ushbu jarayonda bitiruvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron ma’lumotlar bazasi Bilim va malakalarni baholash agentligining ABITUR elektron dasturi bilan integratsiya qilingan.
Bugungi kunga qadar joriy o‘quv yilida maktablarni tamomlayotgan 400 mingdan ortiq o‘quvchining 16 yoshga to‘lgan 55 ming (14%) nafari pasport (ID karta) olmaganligi sababli ularning ma’lumotlari elektron bazaga hozircha kiritilmagan.

Hurmatli ota-onalar, aziz bitiruvchilar!
Farzandingizning konstitutsiyaviy huquqidan foydalangan holda, 16 yoshga to‘lgan farzandlaringizni o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishini ta’minlashingizni, maktab ma’muriyatidan esa bitiruvchilarning pasport (ID karta) ma’lumotlarini elektron bazaga kiritib, ularni kelgusida oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishida zarur ko‘mak berishingizni  so‘raymiz.
Ma'lumot uchun: Pasport (ID karta) olish uchun hududiy ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari va Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etishlari zarur.