Poytaxtimizdagi UZEXPO markazida "Yoshlar oyligi" doirasida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov yoshlar bilan uchrashdi.
Unda shahar hokimi Shavkat Umurzakov tadbir ishtirokchilarini 30-iyun — Yoshlar kuni bilan tabrikladi. Katta hayotga qadam qo'yayotgan yigit-qizlarga omad tiladi. Yurtimizda yoshlar uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarga alohida urg'u berib, ularning munosib g'oya va loyihalarini doimo qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ta'kidladi.
Uchrashuv doirasida shahar hokimi poytaxtimiz umumta'lim maktablarini namunali xulq va a'lo baholar bilan bitirgan bir guruh yigit-qizlarni oltin medallar bilan taqdirladi. Shuningdek, faol yoshlarga tashakkurnoma hamda qimmatbaho sovg'alar topshirildi.