Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 14-ноябрь 2024, 21:04
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Muhtaram yurtdoshlar! Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Avvalo, siz, azizlar bilan – qalbimga  eng yaqin, olijanob insonlar bilan  mana shunday qutlug‘ ayyomda, bayramona kayfiyatda ko‘rishib turganimdan baxtiyorman.

Sizlarni, sizlarning timsolingizda mamlakatimizning barcha ta’lim-tarbiya xodimlarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni – umumxalq bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Mana shunday quvonchli kunda barcha shogirdlaringiz, ko‘pmillatli xalqimiz nomidan sizlarga yuksak hurmat-ehtiromimizni, ezgu tilaklarimizni bildirib, chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Biz ustozni otadek ulug‘ deb bilgan,  uni hamisha boshiga ko‘tarib e’zozlagan  buyuk, ma’rifatparvar xalqning vakillarimiz.

Tariximizdagi qaysi mashhur ajdodimizni olmaylik, ularning barchasi ustozlarga yuksak ehtirom bilan qaraganlariga guvoh bo‘lamiz.
Ustozini, muallimini e’zozlagan jamiyat albatta ravnaq topadi, gullab-yashnaydi.
O‘qituvchisining qadr-qimmati baland bo‘lgan xalqning obro‘-e’tibori yuksak bo‘ladi.

Hayotda har bir ezgulik, har bir kashfiyot va yutuqning zamirida o‘qituvchining mehnati, bardoshi va mehr-muhabbati mujassam.
Shu bois, har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijaga erishgan bo‘lsak, bu yutuqlarda aziz ustozlarimizning beqiyos hissasi borligini doimo minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.

Ta’lim – sohalar ichida eng dolzarbi, maktab – eng muhimi bo‘lsa, o‘qituvchilik kasblar orasida eng ulug‘idir.
Shaxsan men o‘qituvchi deganda –  o‘zim uchun aziz va qadrli bo‘lgan zotlarni, yuz-ko‘zidan nur yog‘ilib turadigan moʻtabar insonlarni tasavvur qilaman.
Samimiy va mehribon, shu bilan birga, talabchan ustozlarimni, ularning darslari, hayotiy saboqlarini hamisha sog‘inaman.

Shavkat Mirziyoyev,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti