Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 14-ноябрь 2024, 21:04
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar, tormoz tizimlari

1. TORMOZ TIZIMLARI

1.1. Tormoz tizimining konstruksiyasi o‘zgartirilsa, ishlab chiqargan korxona talabiga mos kelmasa yoki transport vositasining shu turida ko‘zda tutilmagan tormoz suyuqligi yoki boshqa qismlar qo‘llanilsa.
1.2. Ishchi tormoz tizimining samaradorligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 4 iyuldagi 191-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari bo`yicha xavfsizligi to‘g‘risida"gi umumiy texnik reglamentida belgilangan talablarga mos kelmasa.
1.3. Gidravlik tormoz yuritmasining zichligi (germetikligi) buzilgan bo‘lsa.
1.4. Dvigatel ishlamay turganda pnevmatik yoki pnevmogidravlik tormoz yuritmasining zichligini buzilishi, boshqaruv qismlari ulanmaganda — 30 daqiqada, ulanganida — 15 daqiqada tizimdagi havo bosimini 0,05 MP dan ko‘pga pasayishiga sabab bo‘lsa. Gildiraklardagi tormoz kameralaridan siqilgan havo chiqayotgan bo‘lsa.
1.5. Pnevmatik yoki pnevmogidravlik tormoz yuritmasining manometri ishlamasa.
1.6. To‘xtab turish tormoz tizimi transport vositalarini quyidagi joylarda harakatsiz holatda ushlab tura olmasa:

- to`la aslahalangan holatda transport vositalarini 16 foizdan kam bo‘lmagan qiyalikda;
- M toifa uchun 25 foiz, N toifa uchun 31 foiz.

Izoh:
To‘xtab turish tormoz tizimi sinovdan o‘tkazilayotganda dvigatel transmissiyadan ajratilgan bo`lishi kerak.

2. BOSHQARUV QURILMASI

2.1. Boshqaruv qurilmasidagi juft yig‘indisi reglament (qat’iy belgilangan) sharoitlardagi sinovlarda quyidagi ko`rsatkichdan katta bo‘lmasligi kerak:

Transport vositasining toifasi | Yoʻl qo‘yilgan juft ko`rsatgichi (gradusda)

M1 | 10
M2, M3, N1 | 20
N2, N3 | 25

2.2. Detal va bog‘lamlarning Konstruksiyada ko‘zda tutilmagan qo`zg`alishlari bor. Rezbali birikmalar tegishli ravishda mahkamlanmagan yoki o‘rnatilgan usulda qotirilmagan. Rul kolonkasining qulflovchi moslamasi ishlamasa.
2.3. Boshqaruv qurilmasining konstruksiyasida ko‘zda tutilgan kuchaytirgich yoki motosikllarda tebranishni pasaytiruvchi moslama (dempfer) nosoz bo‘lsa yoki umuman bo‘lmasa.
2.4. Boshqaruv qurilmasida qoldiq deformasiya izlari, darz ketgan joylari va boshqa nuqsonlari bo‘lgan qismlar o‘rnatilgan, shu transport vositasi turida ko‘zda tutilmagan yoki ishlab chiqargan korxona talabiga mos kelmaydigan qismlar va suyuqliklar qo`llangan bo‘lsa.

3. TASHQI YORITQICHLAR

3.1. Tashqi yoritqichlar soni, turi, joylashuvi va ishlash tartibi transport vositasining konstruksiyasi talabiga mos kelmasa.

Ishlab chiqarilishi toʻxtatilgan yengil avtomobillarga boshqa turdagi va rusumdagi transport vositalarining tashqi yoritqichlarini oʻrnatishga ruxsat etiladi.

3.2. Yorituvchi chiroq nurining yoʻnalishi buzilgan boʻlsa.
3.3. Agar tashqi yoritqichlar va nur qaytargichlar belgilangan tartibda ishlamayotgan yoki ifloslangan boʻlsa.
3.4. Yoritish asboblarida nur sochuvchisi boʻlmasa yoxud tegishli yorugʻlik asboblari turiga mos boʻlmagan nur sochuvchi va lampalardan foydalanilgan boʻlsa.
3.5. Yalt-yalt etuvchi chiroq mayoqchalarning oʻrnatilishi, ularning mahkamlanishi va yorugʻlik ishoraning koʻrinishi belgilangan talablarga javob bermasa.
3.6. Transport vositasida quyidagilar:

- old qismida — oq yoki sariq rangdan boshqa rangli tumanga qarshi faralar, sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli burilish koʻrsatgichlari, oq rangdan boshqa rangli nur qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlsa;
- orqa qismida — oq yoki sariq rangdan boshqa rangli orqaga harakatlanish, oq rangdan boshqa roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgilarini yorituvchi chiroqlar, sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli burilish koʻrsatgichlari, qizil rangdan boshqa rangli boshqa tashqi yoritqichlar, qizil rangdan boshqa rangli nur qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlsa;
- yon qismida — sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli yoritqichlar, sariq yoki zargʻaldoq rangdan boshqa rangli nur qaytargichlar oʻrnatilgan boʻlsa.
4. OYNA TOZALAGICH VA OYNA YUVGICHLAR

4.1. Oyna tozalagich belgilangan tartibda ishlamayotgan boʻlsa.
4.2. Transport vositasining konstruksiyasida koʻzda tutilgan oyna yuvgich ishlamayotgan boʻlsa.

5. GʻILDIRAK VA SHINALAR

5.1. Shina protektori naqshlarining qoldiq balandligi N2, N3, O3, O4 toifadagi avtotransport vositalari uchun — 1,0 mm dan kam boʻlsa;
- M1, N1, O1, O2 toifadagi avtotransport vositalari uchun — 1,6 mm dan, kam boʻlsa;
- M2, M3 toifadagi avtotransport vositalari uchun — 2,0 mm dan kam boʻlsa;
- motosikl va mopedlar (skuterlar, kvadrosikllar) uchun — 0,8 mm dan kam boʻlsa.

Izoh: tirkamalar shinasi naqshlarining qoldiq balandligi shatakchi transport vositasi shinalari uchun belgilangan meʼyor kabidir.

5.2. Shinalarda kord koʻrinishiga olib kelgan tashqi nuqsonlar (teshilgan kesilgan, yorilgan), hamda karkas qatlamlari ajralgan, protektor va yon qismlari koʻchgan boʻlsa.
5.3. Qoʻshaloq shinalar orasiga xavf-xatar tugʻdiruvchi begona jismlar qisilib, tiqilib qolgan boʻlsa.
5.4. Shina oʻlchamlari yoki cheklangan ogʻirlik transport vositasining turiga mos kelmasa.
5.5. Transport vositasining bitta oʻqiga har xil oʻlchamli va konstruksiyali (dioganal va radial, kamerali va kamerasiz), har xil naqshli, sovuqqa chidamli va chidamsiz, yangi va qayta tiklangan, yangi va protektor naqshi chuqurlashtirilgan shinalar oʻrnatilgan boʻlsa.
5.6. N2 va N3 toifadagi kapotsiz tuzilishli magistral tyagach (shatakchi) larning oldingi oʻqiga va M3 toifani II va III klassdagi avtotransport vositalarini oldingi oʻqiga qayta tiklangan shinalar, boshqa oʻqiga esa ikkinchi taʼmirlash klassi boʻyicha qayta tiklangan shinalar oʻrnatilgan boʻlsa.
5.7. M1, M2, M3 toifalarni I klassidagi avtotransport vositalarini oldingi oʻqiga, M3 toifani II va III klassidagi avtotransport vositalarini oʻrta va orqa oʻqlariga ikkinchi taʼmirlash klassi boʻyicha qayta tiklangan shinalar oʻrnatilgan boʻlsa.
5.8. Gʻildirakni mahkamlovchi bolt (gayka) boʻlmasa, disk va gʻildirak obodlari darz ketgan boʻlsa yoki mahkamlash teshiklarining shakli va oʻlchamlari koʻrinadigan darajada buzilgan boʻlsa.

6. DVIGATEL

6.1. Ishlab chiqarilgan gazlar tarkibida zararli moddalar yoki tutash darajasi belgilangan meʼyordan ortiq boʻlsa.
6.2. Yonilgʻi uzatish tizimi zich boʻlmasa.
6.3. Ishlab chiqarilgan gazlarni chiqarib tashlash tizimi buzuq boʻlsa.
6.4. Karterni shamollatish tizimining zichligi buzilgan boʻlsa.

7. TRANSPORT VOSITASI KONSTRUKSIYASINING BOSHQA QISMLARI

7.1. Orqa tomonni koʻrsatuvchi koʻzgular soni, joylashuvi va turi belgilangan talablarga mos kelmasa, transport vositasining konstruksiyasida koʻzda tutilgan oynalari boʻlmasa.
7.2. Tovush ishorasi ishlamasa.
7.3. Haydovchining joyidan tevarak-atrof koʻrinishini cheklaydigan qoʻshimcha narsalar oʻrnatilgan va qoplamalar tushirilgan boʻlsa.
7.4. Barcha turdagi transport vositalari old, yon oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligi 70%dan kam boʻlsa, avtomobil tomidagi lyuk oynasi, shuningdek, ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi asosida tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) avtotransport vositalarining oynalari bundan mustasno.

Izoh. III klass M3 toifadagi avtotransport vositalarining orqa va yon oynalariga pardalar, ikki yonga orqa tomonni koʻrish uchun tashqi koʻzgusi mavjud boʻlgan barcha toifadagi avtotransport vositalari orqa oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi cheklanmagan darajada oʻzgartirishga (qoraytirishga), shuningdek, ushbu orqa oynalarga parda (chiy parda, darparda) oʻrnatishga ruxsat beriladi.

7.5. Konstruksiyasida koʻzda tutilgan yukxona yoki kabina eshiklarining qulflari, yuk platformasi bortlarining yopqichlari, sisternalar ogʻzining qulflari va yonilgʻi idishining qopqoqlari, haydovchi oʻrindigʻi holatini sozlovchi qurilma, avtobusda falokat yuz bergan vaqtida eshiklarni ochish moslamasi va toʻxtatish talabi ishorasi, avtobus salonini yoritish asboblari, falokat yuz bergan vaqtda chiqish joylari va ularni harakatga keltiruvchi moslamalari, eshiklarni ochish va yopish qurilmalari, spidometr, taxograf, oynalarni isituvchi va shamollatuvchi moslamalari va haydab olib qochishga qarshi moslamalari ishlamasa.
7.6. Spidometr qurilmasi nosoz va tamgʻalanmagan (shaxsiy transport vositalari, motosikl va mopedlardan tashqari) boʻlsa.
7.7. Transport vositasi konstruksiyasida koʻzda tutilgan orqa himoya vositasi, loy toʻsgich va sachratmagichlar boʻlmasa.
7.8. Ishlab chiqargan korxona tomonidan koʻzda tutilmagan antenna, sirena, rasiya, tovush chiqarish moslamalari, yoritqichlar va boshqalar belgilanmagan joyda va tegishli ruxsatsiz oʻrnatilsa.
7.9. Tirkama boʻgʻimining tortish-tirkash yoki tayanch-tirkash moslamasi nosoz boʻlsa hamda koʻzda tutilgan ehtiyot poʻlat arqon (zanjir) boʻlmasa yoki nosoz boʻlsa. Motosikl ramasi bilan yon kajava ramasi mahkamlangan joyda lyuft boʻlsa.
7.10. Transport vositalari quyidagilar bilan jihozlanmagan boʻlsa:

- M2, M3 toifadagi — favqulodda holatlarda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolgʻacha, tibbiyot qutichasi, 2 ta oʻt oʻchirgich (bittasi haydovchining kabinasida, ikkinchisi — yoʻlovchilar salonida), majburiy toʻxtaganini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet);
- M1, N1, N2, N3 toifadagi, mikroavtobus va gʻildirakli traktorlarda tibbiyot qutichasi, oʻt oʻchirgich, majburiy toʻxtaganligini bildiruvchi belgi (yoki miltillovchi qizil chiroq) va nur qaytargichli kamzul (jilet);
- M3, N2, N3 toifadagi — oʻzi yurib ketishidan saqlovchi, gʻildirak diametriga muvofiq (kamida ikkita) tirgak;
- O toifadagi, traktorlar, aravalar va boshqa oʻziyurar mashinalarda — tashqi nur qaytargichlar;
- kajavali motosikllarda — tibbiyot qutichasi, majburiy toʻxtaganligini bildiruvchi belgi.

7.11. Ikki gʻildirakli motosikl konstruksiyasida koʻzda tutilgan xavfsizlik yoyi (duga) boʻlmasa.
7.12. Motosikl va mopedlarda konstruksiyasida koʻzda tutilgan oyoq tiragich, egarida yoʻlovchi uchun koʻndalang tutqich boʻlmasa.
7.13. Konstruksiyasida koʻzda tutilgan xavfsizlik kamarlari va oʻrindiqlarning bosh suyanchiqlari boʻlmasa.
7.14. Xavfsizlik kamarlari ishlamasa yoki koʻrinadigan uzuq-yuluq shikastlangan boʻlsa.
7.15. Transport vositasining roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari yoki ularni oʻrnatish usuli belgilangan talablarga javob bermasa.

Transport vositasida roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini koʻrinishini cheklaydigan, toʻgʻri aniqlanishiga xalaqit beradigan har-xil buyumlar oʻrnatilgan va qoplamalar bilan qoplangan boʻlsa.

7.16. Yarim tirkamada tayanch moslamasi, tayanchlarni transport holatida qulflovchi moslama, tayanchlarni koʻtarish va tushirish moslamasi boʻlmasa yoki nosoz boʻlsa.
7.17. Ehtiyot (zaxira) gʻildirakni ushlab turgich, lebyodka va ehtiyot gʻildirakni koʻtarish — tushirish qurilmasi ishlamasa. Lebyodkaning xrapli qurilmasi barabanni mahkamlash kanati bilan qulflamayotgan boʻlsa.
7.18. Dvigatel, uzatmalar qutisi, reduktorlar, orqa ko‘prik, ilashish (sseplenie) tishlashish qurilmasi, akkumulyator batareyasi, sovutish va kondisioner tizimlari va transport vositasiga qoʻshimcha oʻrnatiladigan gidravlik qurilmalarning (moslamalarning) birikmalari va zichlagichlarining zichligi buzilgan boʻlsa.
7.19. Gazli taʼminlash tizimi bilan jihozlangan avtobus va avtomobil gaz ballonlarining tashqi tomonida koʻrsatilgan texnik koʻrsatgichlar texnik pasportdagi ma’lumotlarga mos kelmasa, oxirgi va rejalashtirilayotgan tekshiruvlarning sanasi bo‘lmasa.
7.20. Transport vositalarining tashqi yuzasiga qonun hujjatlariga mos kelmaydigan, harakat xavfsizligiga salbiy taʼsir etuvchi turli xil tasvirlar tushirilgan, oynalariga (lyukdan tashqari) reklama chizilgan (qoplangan) boʻlsa.
Ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan koʻzda tutilmagan hollarda kuzov (kabina) bir necha xil rangga boʻyalgan boʻlsa (maxsus transport vositalari bundan mustasno).
7.21. Transport vositalari oʻzboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan boʻlsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli grafik chizmalar, yozuvlar va belgilar boʻlsa.
7.22. DYXXX organlarining ruxsatisiz transport vositalarining konstruksiyasiga oʻzgartirishlar kiritilgan boʻlsa.

Transport vositalariga boshqa turdagi buferlar, moldinglar, qoplamalar, gʻildirak qopqoqlari va h. k. ni oʻrnatilishiga ruxsat etiladi.

Ushbu ilovada Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 4 iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan "Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizligi toʻgʻrisida"gi umumiy texnik reglamentida belgilangan avtotransport vositalarini tasnifi (klassifikasiyasi) keltirilgan:

- M toifasi — kamida toʻrt gʻildirakka ega boʻlgan va yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan mexanik transport vositalari, shu jumladan:
- M1 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan avtotransport vositalari.
- M2 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t gacha boʻlgan avtotransport vositalari.
- M3 toifasi — yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining oʻrindigʻidan tashqari oʻrindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 t dan koʻp boʻlgan avtotransport vositalari.

M2 va M3 toifalardagi avtotransport vositalari quyidagi klasslarga mansub:

a) uch klassdan (I, II, III) bittasiga yoki bir nechtasiga;
v) ikki klassdan (A,V) bittasiga.

Klass I — yoʻlovchilar salonda bemalol yurishi maqsadida konstruksiyasida turib ketadigan yoʻlovchilar uchun joylar koʻzda tutilgan avtotransport vositalari.

Klass II — konstruksiyasi asosan oʻtirib ketadigan yoʻlovchilar uchun mo‘ljallangan va qatorlar orasida va (yoki) ikkita birlashgan oʻrindiq uchun ajratilgan joy chegarasidan chiqmasdan joylashib, turib ketadigan yoʻlovchilarni ham tashish ko‘zda tutilgan avtotransport vositalari.

Klass III — konstruksiyasi faqat oʻtirib ketadigan yoʻlovchilar uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari.

Klass A — turib ketadigan yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositalari; bu klassdagi transport vositalari oʻrindiqlar bilan jihozlangan va ularda turib ketadigan yoʻlovchilarni tashish ko‘zda tutilgan.

Klass V — turib ketadigan yoʻlovchilarni tashish uchun mo‘ljallanmagan avtotransport vositalari.

Mikroavtobuslar yoʻlovchilar tashish uchun mo‘ljallangan, haydovchidan tashqari 16 gacha ottiradigan yoʻlovchi uchun joy bo‘lgan V klassdagi avtotransport vositasi.

N1 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari.

N2 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 12 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari.

N3 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 12 t dan ortiq boʻlgan avtotransport vositalari.

O toifasi — tirkamalar (yarim tirkamalar ham).

O1 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan oshmaydigan tirkamalar.

O2 toifasi — eng katta vazni 0,75 t dan ortiq, lekin 3,5 t dan oshmaydigan tirkamalar.

O3 toifasi — eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 10 t dan oshmaydigan tirkamalar.

O4 toifasi — eng katta vazni 10 t dan ortiq bo‘lgan tirkamalar.