Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 14-ноябрь 2024, 21:04
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Ota - onalarning huquq va majburiyatlari

Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik
Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi —
eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish —
eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
 
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaslik
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shunday bolalar turgan muassasa rahbari yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsi tomonidan vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaslik, xuddi shuningdek ular tomonidan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar haqida atayin noto‘g‘ri ma’lumotlar berish —
mansabdor shaxsga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
 
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishda qonun hujjatlari talablarini buzish
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat), farzandlikka berishda, ularga vasiylik (homiylik) belgilashda yoxud ularni yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun tayinlangan tegishli davlat muassasasiga joylashtirishda qonun hujjatlari talablarini buzish —
fuqarolarga eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.